“HILOL EDU” MCHJ
TURK TILI BO‘YICHA TA’LIM XIZMATLARINI KO‘RSATISH TO‘G‘RISIDA OMMAVIY OFERTA
ATAMA VA TA’RIFLAR
Ommaviy oferta – O‘quv markazining shartnoma tuzish bo‘yicha ommaga qaratilgan taklifi. Shartnoma ofertani shartsiz qabul qilish (aksept) orqali tuziladi.
Ofertaning aksepti – ushbu Ofertaning 1.4-bandida ko‘rsatilgan harakatlarni to‘liq va hech qanday shartlarsiz bajarish. Aksept Shartnoma tuzilganini anglatadi.
O‘quv markazi / Bajaruvchi – Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 024879-sonli litsenziyasi asosida ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi “HILOL EDU” mas’uliyati cheklangan jamiyati.
O‘quvchi / Buyurtmachi – ushbu Oferta shartlarini qabul qilgan hamda O‘quv markazi tashkil etgan turk tili kurslarida ta’lim olayotgan jismoniy shaxs yoki voyaga yetmagan o‘quvchining qonuniy vakili.
Kurs – O‘quv markazi va O‘quvchi tomonidan tanlangan, muayyan muddat davomida O‘quv markazi metodikasi asosida turk tilini o‘rgatish jarayoni (A1–C1 darajalari, Milliy CEFR va TYS imtihonlariga tayyorlov).
Darajani aniqlash testi – O‘quvchining turk tilini bilish darajasini aniqlash uchun o‘tkaziladigan bepul sinov.
Sinov darsi – O‘quvchi guruh va o‘qituvchi bilan tanishishi uchun tashkil etiladigan bepul dars.
Elektron tizim / Ilova – O‘quvchining to‘lovlari, davomati, balansi va o‘zlashtirishi yuritiladigan O‘quv markazining “Edu tizim” elektron platformasi va uning mobil ilovasi.
Coin (ball) – O‘quvchini rag‘batlantirish uchun Elektron tizimda beriladigan ichki ballar.
Onlayn kurs – Darslar internet orqali masofadan o‘tkaziladigan kurs shakli.
1. UMUMIY QOIDALAR
1.1. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga muvofiq ushbu hujjat “HILOL EDU” MCHJning (keyingi o‘rinlarda – O‘quv markazi) har qanday jismoniy shaxsga (keyingi o‘rinlarda – O‘quvchi) quyidagi shartlar asosida shartnoma tuzish bo‘yicha rasmiy ommaviy taklifi (ofertasi) hisoblanadi.
1.2. Ushbu Oferta O‘quv markazining quyidagi filiallarida hamda onlayn shaklda amal qiladi:
- Novza filiali: Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Muqimiy ko‘chasi, 142/1-uy (bosh ofis);
- Beruniy filiali: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Universitet ko‘chasi, 5а/2;
- Buxoro filiali: Buxoro viloyati, Akademik Ibrohim Muminov ko‘chasi, 7-uy;
- Onlayn kurslar: Telegram kanal @hilal_edu_onlayn yoki @hilaledu_online.
1.3. O‘quvchi o‘z shaxsiga doir ma’lumotlarni (F.I.Sh., tug‘ilgan sana, telefon raqami, pasport ma’lumotlari) O‘quv markazi administratsiyasiga taqdim etadi.
1.4. Quyidagi harakatlardan biri bajarilganda O‘quvchi Oferta shartlarini to‘liq va shartsiz qabul qilgan (akseptlagan) hisoblanadi: xizmatlar uchun to‘lov amalga oshirilganda; yoki shartnoma qog‘oz shaklida imzolanganda; yoki Elektron tizim orqali Oferta bilan tanishganligi tasdiqlanganda.
1.5. Fuqarolik kodeksining 370-moddasiga muvofiq Ofertani qabul qilish uning shartlari bo‘yicha shartnoma tuzishga tengdir. O‘quv markazi va O‘quvchi birgalikda – Tomonlar, alohida – Tomon deb yuritiladi.
2. SHARTNOMA PREDMETI
2.1. O‘quv markazi O‘quvchiga turk tili kurslari bo‘yicha ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish, O‘quvchi esa ushbu xizmatlar uchun haq to‘lash majburiyatini oladi.
2.2. O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan O‘quvchi nomidan Ofertani faqat uning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakili qabul qilishi mumkin. Xizmatlar ko‘rsatiladigan eng kichik yosh – 15 yosh.
2.3. Xizmatlar O‘quv markazining turk tilini o‘qitish metodikasi va ushbu Ofertaning 2-ilovasidagi “O‘qitish qoidalari”ga muvofiq ko‘rsatiladi.
2.4. Xizmatlar narxi ushbu Ofertaning 1-ilovasida ko‘rsatiladi.
3. TOMONLARNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
3.1. O‘quv markazining majburiyatlari:
3.1.1. O‘quv rejasi va dars jadvaliga muvofiq xizmatlar ko‘rsatishni tashkil qilish va ta’minlash.
3.1.2. O‘quv jarayonini malakali o‘qituvchilar bilan ta’minlash.
3.1.3. O‘quvchiga narxi kurs narxiga kiritilgan zarur o‘quv materiallari va qo‘llanmalarni (elektron yoki qog‘oz shaklda) taqdim etish.
3.1.4. O‘quv markazining aybi bilan o‘tilmagan darslarni O‘quv markazi belgilagan jadval asosida qoplab berish.
3.1.5. O‘quvchini birinchi dars kuni, to‘lov miqdori va dars jadvalidagi o‘zgarishlar haqida Telegram, telefon yoki Elektron tizim orqali o‘z vaqtida xabardor qilish.
3.1.6. O‘quvchining shaxsiy ma’lumotlaridan faqat ushbu Shartnomani bajarish maqsadida foydalanish va ularni uchinchi shaxslarga bermaslik (qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno).
3.1.7. Kurs davomida uy vazifalari va topshiriqlarning kamida 86 foizini bajargan O‘quvchiga Milliy CEFR yoki TYS sertifikati olishi bo‘yicha kafolat berish.
Kafolat tartibi quyidagicha: haftada 3 marotaba dars bo'ladi (4ta yo‘nalish bo‘yicha "+" yoki "-"). Shunda 1 haftada 12ta "+" yoki "-" qo'yiladi.1 oyda 52 ta "+" yoki "-" bo'ladi, 1 oyda 6ta "-"gacha mumkin agar, o'quvchida 7 ta "-" bo'lsa kafolat bekor qilinadi. Kafolat xatiga o‘quvchi imzo qo‘yilgan holatida, o'quv bo‘limiga beriladi va ularda saqlanadi.
Kafolat berilgan O‘quvchi sertifikat olmasa, uning tanloviga ko‘ra Shartnoma imzolangan kundan boshlab to‘lagan barcha mablag‘ni qaytarish yoki 4 (to‘rt) oy davomida bepul qayta o‘qitish.
3.2. O‘quv markazining huquqlari:
3.2.1. O‘quvchini dars boshlanishidan kamida 3 (uch) soat oldin xabardor qilgan holda dars jadvaliga, o‘qituvchi va xonaga o‘zgartirish kiritish (O‘quv markaziga bog‘liq bo‘lmagan holatlar bundan mustasno).
3.2.2. O‘qituvchilar tarkibini mustaqil belgilash. Asosiy o‘qituvchi dars o‘ta olmagan hollarda o‘rinbosar yoki yordamchi o‘qituvchi tayinlash. O‘quvchi talab qilgan taqdirda ham O‘quv markazi o‘qituvchini almashtirmaslik huquqiga ega.
3.2.3. O‘qitish usullari, baholash tizimi, bilimni tekshirish shakli va davriyligini mustaqil tanlash.
3.2.4. Har bir daraja yakunida O‘quvchini sinovdan o‘tkazish va natijaga ko‘ra uni keyingi darajaga o‘tkazish, joriy darajada qoldirish yoki o‘qishni davom ettirishni rad etish.
3.2.5. To‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmagan O‘quvchini darslarga va Elektron tizimdagi shaxsiy kabinetiga kiritmaslik. To‘lov amalga oshirilgach, O‘quv markazi O‘quvchini avvalgi guruhiga qaytarishga harakat qiladi, bo‘sh o‘rin bo‘lmasa – boshqa guruhga biriktiradi.
3.2.6. O‘quvchi bir oy davomida uzrsiz 3 (uch) va undan ortiq dars qoldirsa, uni guruhdan chetlatish. Bunda to‘langan mablag‘ qaytarilmaydi.
3.2.7. O‘quvchi uy vazifalarini muntazam bajarmasa, vazifani topshirguniga qadar uni dars jarayonidan chetlatish; bu holat bir daraja davomida 3 (uch) marta takrorlansa, uni guruhdan butunlay chetlatish.
3.2.8. O‘quvchi O‘quv markazi xodimlari yoki boshqa o‘quvchilarni haqorat qilgani, ichki tartib va odob-axloq qoidalarini qo‘pol buzgani isbotlansa, uni darslardan chetlatish.
3.2.9. O‘quvchining sertifikat natijalaridan (uning roziligi bilan) reklama materiali sifatida foydalanish.
3.2.10. Yakuniy natija umumiy ballning 70 foizidan kam bo‘lgan O‘quvchiga kursni muvaffaqiyatli tamomlaganlik to‘g‘risidagi sertifikat bermaslik.
3.3. O‘quvchining majburiyatlari:
3.3.1. To‘lovdan oldin ushbu Oferta va xizmatlar narxi bilan tanishib chiqish.
3.3.2. Kurs to‘lovini har oyning 5-sanasiga qadar oldindan va to‘liq amalga oshirish.
3.3.3. Dars jadvaliga muvofiq barcha darslarda qatnashish, o‘qituvchi bergan topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarish.
3.3.4. O‘quv markazining ichki tartib qoidalari va umumiy odob-axloq me’yorlariga rioya qilish, xodimlar va boshqa o‘quvchilarga hurmat ko‘rsatish, ularning bilim olishiga to‘sqinlik qilmaslik (2-ilova).
3.3.5. O‘quv materiallari va topshiriqlarni olish uchun faol Telegram akkaunti yoki Elektron tizim ilovasiga ega bo‘lish.
3.3.6. O‘quv markazi bergan o‘quv materiallarini nusxalash, internetga joylash, uchinchi shaxslarga berish yoki sotmasligi kerak, ulardan faqat shaxsiy ta’lim maqsadida foydalanish.
3.3.7. O‘quv markazi mol-mulkiga yetkazilgan moddiy zararni to‘liq qoplash.
3.3.8. To‘lovni tasdiqlovchi chek va kvitansiyalarni kurs davomida saqlash.
3.4. O‘quvchining huquqlari:
3.4.1. Ko‘rsatilayotgan xizmatlar, o‘zlashtirish natijalari va baholash mezonlari haqida to‘liq va ishonchli ma’lumot olish.
3.4.2. O‘quv jarayoni bo‘yicha O‘quv markazi administratsiyasiga murojaat qilish.
3.4.3. Guruh darajasi yoki vaqti mos kelmasa, administratsiya bilan kelishilgan holda boshqa guruhga o‘tish.
3.4.4. O‘quv mashg‘ulotlari uchun O‘quv markazi mulkidan foydalanish.
3.4.5. 3.1.7-bandda ko‘rsatilgan shartlar bajarilganda sertifikat kafolatidan foydalanish.
3.4.6. Ushbu Ofertada nazarda tutilgan hollarda Shartnomani bir tomonlama bekor qilish.
4. XIZMATLAR NARXI VA HISOB-KITOB TARTIBI
4.1. Xizmatlar narxi O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasida (so‘mda) 1-ilovada belgilanadi.
4.2. To‘lov 12 ta dars uchun har oyning 5-sanasiga qadar 100 foiz oldindan amalga oshiriladi. Kalendar oyning uzunligiga qarab o‘tiladigan 13- va 14-darslar bonus hisoblanadi va ular uchun to‘lov olinmaydi.
4.3. Yangi ochilayotgan guruhga yozilish uchun O‘quvchi joyni band qilish maqsadida kamida 100 000 (yuz ming) so‘m oldindan to‘lov kiritadi. O‘quvchi darsga kelmagan taqdirda ham bu summa qaytarilmaydi, darsga kelganda esa birinchi oy to‘loviga qo‘shiladi.
4.4. O‘quvchi oy o‘rtasida qo‘shilsa, birinchi oy uchun to‘lov oy oxirigacha qolgan darslar soniga mutanosib ravishda hisoblanadi.
4.5. O‘quvchi 1 marta sinov darsida bepul qatnashishi mumkin. Sinov darsidan so‘ng o‘qishni davom ettirsa, to‘lov 4.4-bandga muvofiq hisoblanadi.
4.6. O‘quvchi o‘z aybi bilan qoldirgan darslar uchun to‘lov qayta hisoblanmaydi va qaytarilmaydi, boshqa shaxs hisobiga o‘tkazilmaydi.
4.7. To‘lov naqd pul, bank plastik kartasi, onlayn to‘lov ilovalari yoki O‘quv markazining hisob raqamiga pul o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Pul o‘tkazilganda to‘lov mablag‘ O‘quv markazi hisob raqamiga tushgan paytdan boshlab amalga oshirilgan hisoblanadi; tasdiqlovchi hujjat 2 (ikki) kun ichida taqdim etiladi.
4.8. O‘quvchi o‘qishni to‘xtatmoqchi bo‘lsa, uning balansida qolgan mablag‘ni yaqin qarindoshiga (aka-uka, opa-singil, turmush o‘rtog‘i) o‘tkazish imkoni yo‘q.
4.9. Offline (filiallarda o‘qiladigan) kurslar uchun bonuslar, vaucher va chegirmalar (shu jumladan tanish taklif qilganlik uchun 20 foizlik chegirma) 3-ilovada belgilangan tartibda beriladi. Bonus va chegirmalar pulga almashtirilmaydi va boshqa shaxsga o‘tkazilmaydi.
5. DARS VAQTI, DARSLARNI QOLDIRISH VA GURUHLAR
5.1. Bir oyda 12 ta dars o‘tiladi, har bir dars davomiyligi – 1 soat 20 daqiqa. Har bir daraja davomiyligi – 1 oy.
5.2. Dars sanasi va vaqti oldindan ogohlantirmasdan va uzrli sababsiz o‘zgartirilmaydi.
5.3. Darslar rasmiy bayram kunlariga to‘g‘ri kelsa yoki O‘quv markaziga kirish vaqtincha cheklansa, o‘tilmagan darslar keyingi oylarda qoplab beriladi. O‘quvchi keyingi oydan o‘qishni davom ettirmasa, o‘tilmagan darslar uchun to‘langan mablag‘ to‘liq qaytariladi.
5.4. O‘quvchi Telegram yoki telefon orqali oldindan xabar berib, darsni qoldirishi mumkin. Bunda o‘tilgan mavzu alohida qayta o‘tilmaydi va to‘lov qayta hisoblanmaydi. Imkoniyat bo‘lsa, O‘quv markazi qoldirilgan darsni o’zining ustozini boshqa guruhida tinglashni taklif qilishi mumkin. Offline kurs o‘quvchisiga qoldirilgan mavzuni o‘zlashtirishi uchun 4-ilovaga muvofiq o‘z ustozining video darsi beriladi.
5.5. O‘quvchi belgilangan vaqtda darsga kelmasa, dars usiz boshlanadi va dars O‘quvchining aybi bilan qoldirilgan hisoblanadi.
5.6. O‘quvchi o‘qishni to‘xtatmoqchi bo‘lsa, kelgusi oy to‘lov muddatidan oldin O‘quv markazini ogohlantirishi shart. Ogohlantirmasdan o‘qishni to‘xtatgan O‘quvchi guruhda joy band qilib turgan hisoblanadi va keyingi oyning dastlabki 3 (uch) darsi uchun to‘lov undiriladi.
5.7. Yangi guruh kamida 7 (yetti) nafar o‘quvchi bo‘lganda ochiladi. O‘quvchilar 7 nafardan kam bo‘lsa, O‘quv markazi guruhni ochmaslik va to‘langan mablag‘ni qaytarish huquqiga ega. Guruhda o‘quvchilar soni 7 nafardan kamayib ketsa, O‘quv markazi guruhni yopib, o‘quvchilarni boshqa guruhlarga taqsimlashi mumkin.
5.8. Guruh yopilgani sababli O‘quvchi taklif qilingan boshqa guruhga o‘tsa, u ushbu guruhda belgilangan tartibda to‘lovni davom ettiradi.
5.9. O‘quvchi yakuniy imtihondan oldingi oxirgi darsdan boshlab imtihon natijalari e’lon qilinguniga qadar guruhini almashtira olmaydi.
5.10. O‘quvchiga gapirish darajasini oshirish uchun, O‘quv markazida imkoniyat bo‘lganda, yordamchi o‘qituvchi (assistent Hoca) bilan bepul qo‘shimcha mashg‘ulotlar tashkil etilishi mumkin.
6. SHARTNOMANI BEKOR QILISH VA TO‘LOVNI QAYTARISH
6.1. Shartnoma quyidagi hollarda bekor qilinadi: Tomonlarning o‘zaro kelishuvi bilan; Tomonlardan biri Shartnoma shartlarini buzganda; O‘quv markazi majburiyatlarini bajarmasa – O‘quvchining tashabbusi bilan; O‘quvchi noto‘g‘ri ma’lumot taqdim etgani aniqlansa – O‘quv markazi tomonidan bir tomonlama; O‘quv markazi faoliyati tugatilganda; qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda.
6.2. Kurs boshlanishidan oldin Shartnomani bekor qilmoqchi bo‘lgan O‘quvchi O‘quv markazini kamida 1 (bir) hafta oldin xabardor qilishi shart, aks holda to‘langan mablag‘ qaytarilmaydi (4.3-banddagi band qilish to‘lovi bundan mustasno).
6.3. Kurs boshlangandan so‘ng O‘quvchi tashabbusi bilan Shartnoma bekor qilinsa, joriy oy uchun to‘langan mablag‘ qaytarilmaydi.
6.4. O‘quvchi o‘quv intizomini qo‘pol buzgani, ushbu Ofertaning 3.2.6–3.2.8-bandlari asosida chetlatilgani yoki maxfiy ma’lumotlarni O‘quv markazining yozma roziligisiz oshkor qilgani uchun o‘qishdan chetlatilsa, to‘langan mablag‘ qaytarilmaydi va sertifikat berilmaydi.
6.5. Ushbu Ofertada qaytarilishi nazarda tutilgan mablag‘lar O‘quvchining yozma arizasi asosida 3 (uch) ish kuni ichida to‘lov qaysi usulda amalga oshirilgan bo‘lsa, o‘sha usulda qaytariladi.
7. JAVOBGARLIK VA NIZOLARNI HAL QILISH
7.1. Majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq javobgar bo‘ladilar.
7.2. O‘quv markazi quyidagi hollarda javobgar bo‘lmaydi: kurs natijasi O‘quvchining aybi bilan (darslarga qatnashmaslik, uy vazifalarini bajarmaslik va h.k.) qoniqarsiz bo‘lsa; majburiyat O‘quv markazining aybisiz bajarilmasa; fors-major holatlarida.
7.3. Nizolar Tomonlar o‘rtasida muzokaralar yo‘li bilan hal qilinadi. Kelishuvga erishilmasa, nizo Fuqarolik ishlari bo‘yicha Chilonzor tumanlararo sudida ko‘rib chiqiladi.
8. FORS-MAJOR
8.1. Tomonlar yengib bo‘lmas kuch holatlari (yong‘in, zilzila, epidemiya, harbiy harakatlar va boshqalar) natijasida majburiyatlarni bajara olmaganliklari uchun, agar bu holatlar Shartnomaning bajarilishiga bevosita ta’sir qilgan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod qilinadilar.
8.2. Majburiyatini bajara olmayotgan Tomon ikkinchi Tomonni bunday holatlar yuzaga kelgani va tugagani haqida 1 (bir) kun ichida xabardor qilishi shart.
9. OFERTANING AMAL QILISH MUDDATI VA O‘ZGARTIRISH TARTIBI
9.1. Shartnoma Oferta akseptlangan paytdan boshlab kuchga kiradi va Tomonlar o‘z majburiyatlarini to‘liq bajargunga qadar amal qiladi.
9.2. O‘quv markazi Ofertaga o‘zgartirish kiritishi mumkin. O‘zgartirishlar Ofertaning yangi tahriri O‘quv markazi filiallarida va veb-sayt (https://www.hilaledu.uz)da e’lon qilingan paytdan kuchga kiradi. Kiritilgan o‘zgartirishlar ilgari to‘langan davr uchun amal qilmaydi va keyingi to‘lovdan boshlab qo‘llaniladi.
9.3. Xizmatlar ko‘rsatilgandan keyin dalolatnoma tuzilmaydi. Oxirgi pullik dars tugaganidan keyin 3 (uch) kalendar kun ichida O‘quvchi dars sifati bo‘yicha asoslangan e’tirozini + 998 55 519 78 78 raqamiga bildirmasa, xizmatlar to‘liq va sifatli ko‘rsatilgan hisoblanadi.
9.4. Ushbu Ofertada nazarda tutilmagan masalalar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq tartibga solinadi.
9.5. Ofertaga quyidagi ilovalar uning ajralmas qismi hisoblanadi: 1-ilova «Xizmatlar narxi»; 2-ilova «O‘qitish qoidalari»; 3-ilova «Offline kurslar uchun bonuslar va chegirmalar».
10. O‘QUV MARKAZINING REKVIZITLARI
“HILOL EDU” MCHJ
Litsenziya: Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 4 apreldagi 024879-son litsenziyasi
Yuridik manzil: Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Muqimiy ko‘chasi, 142/1-uy
Tel.: +998 (55) 519-78-78
E-mail: hilol.edu@gmail.com
Direktor: U.H. Sobirov
1-ilova
XIZMATLAR NARXI
| Turk tili kurs turlari (A1–C1) | Guruhdagi o‘quvchilar soni | Oyiga darslar soni | Oylik to‘lov (so‘m) |
|---|---|---|---|
| Offline standart kurs | 12-20 | 12 (+2 bonus) | 800 000 |
| Offline intensiv | 12-18 | 24 | 1 600 000 |
| Offline individual dars | 1 | 12 | 3 000 000 |
| Buxoro filial offline standart kurs | 12-20 | 12 (+2 bonus) | 650 000 |
| Buxoro filial offline intensiv | 12-18 | 24 | 1 300 000 |
| Onlayn standart kurs | 15-20 | 12 | 400 000 |
| Onlayn intensiv | 15-18 | 24 | 600 000 |
| Onlayn individual dars | 1 | 12 | 2 200 000 |
Offline standart kurs
800 000
Oylik to‘lov (so‘m)
- Guruhdagi o‘quvchilar soni
- 12-20
- Oyiga darslar soni
- 12 (+2 bonus)
Offline intensiv
1 600 000
Oylik to‘lov (so‘m)
- Guruhdagi o‘quvchilar soni
- 12-18
- Oyiga darslar soni
- 24
Offline individual dars
3 000 000
Oylik to‘lov (so‘m)
- Guruhdagi o‘quvchilar soni
- 1
- Oyiga darslar soni
- 12
Buxoro filial offline standart kurs
650 000
Oylik to‘lov (so‘m)
- Guruhdagi o‘quvchilar soni
- 12-20
- Oyiga darslar soni
- 12 (+2 bonus)
Buxoro filial offline intensiv
1 300 000
Oylik to‘lov (so‘m)
- Guruhdagi o‘quvchilar soni
- 12-18
- Oyiga darslar soni
- 24
Onlayn standart kurs
400 000
Oylik to‘lov (so‘m)
- Guruhdagi o‘quvchilar soni
- 15-20
- Oyiga darslar soni
- 12
Onlayn intensiv
600 000
Oylik to‘lov (so‘m)
- Guruhdagi o‘quvchilar soni
- 15-18
- Oyiga darslar soni
- 24
Onlayn individual dars
2 200 000
Oylik to‘lov (so‘m)
- Guruhdagi o‘quvchilar soni
- 1
- Oyiga darslar soni
- 12
2-ilova
“HILOL EDU” MCHJ TURK TILI KURSLARIDA O‘QITISH QOIDALARI
Darajani aniqlash
- O‘quvchi O‘quv markazi tuzgan bepul darajani aniqlash testidan o‘tadi va natijaga ko‘ra tegishli darajadagi guruhga biriktiriladi.
Keyingi darajaga o‘tish
- Har bir daraja yakunida O‘quvchi yakuniy imtihon topshiradi va keyingi darajaga o‘tish uchun kamida 65 ball to‘plashi kerak.
- Kerakli ball to‘play olmagan O‘quvchi o‘z hisobidan joriy darajani qayta o‘qishi va imtihonni qayta topshirishi mumkin.
- Uzrsiz sababga ko‘ra imtihonga kelmagan O‘quvchi uchun qayta imtihon O‘quv markazi ixtiyoriga ko‘ra tashkil etiladi.
Sertifikat
- Kursni muvaffaqiyatli tamomlagan (umumiy ballning kamida 70 foizini to‘plagan) O‘quvchiga O‘quv markazining sertifikati beriladi.
- Milliy CEFR va TYS sertifikati kafolati Ofertaning 3.1.7-bandiga muvofiq beriladi.
Ota-onalar bilan aloqa
- Voyaga yetmagan O‘quvchi ota-onasi yoki qonuniy vakilining ism-familiyasi va telefon raqamini taqdim etadi. Davomat, to‘lov va imtihon bo‘yicha ma’lumot ota-onaga Elektron tizim, Telegram yoki telefon orqali beriladi.
O‘quv markazida o‘zini tutish
- Darsga kerakli darslik va o‘quv qurollari bilan kelish.
- Spirtli ichimlik, giyohvand yoki toksik moddalar ta’sirida darsga kelish taqiqlanadi.
- Dars vaqtida o‘zi chalg‘ish va boshqalarni chalg‘itish taqiqlanadi.
- Xodimlar uchun ajratilgan joylarga kirish taqiqlanadi.
- O‘quv markazi hududida tamaki mahsulotlari chekish, baland ovozda musiqa tinglash va shovqin ko‘tarish taqiqlanadi.
- Darslarni o‘qituvchi ruxsatisiz audio va videoga yozib olish taqiqlanadi.
- O‘quv markazi hududida tozalik va tartibni saqlash, mol-mulkka ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish shart.
3-ilova
OFFLINE KURSLAR UCHUN BONUSLAR VA CHEGIRMALAR
Ushbu ilovadagi bonuslar faqat O‘quv markazi filiallarida o‘tkaziladigan (offline) kurslarga tegishli va onlayn kurslarga tatbiq etilmaydi.
1-bonus. Sinov (proba) darsi uchun vaucher
- A1 darajasida noldan yangi ochiladigan guruhning birinchi sinov (proba) darsiga kelgan va shu guruhda o‘qishni boshlagan O‘quvchi 100 000 (yuz ming) so‘mlik vaucherga ega bo‘ladi va 1 marotaba foydalanish imkoni beriladi.
- Vaucher faqat A1 darajasida noldan ochilgan yangi guruhga tegishli, naqd pulga almashtirilmaydi va boshqa guruh yoki darajaga o‘tkazilmaydi.
2-bonus. O‘quv materiallari
- Har bir daraja uchun O‘quvchiga daraja kitoblari hamda lug‘at kitobi(audio lug‘at ) beriladi. Ularning narxi kurs narxiga kiritilgan.
- B2 darajasiga kelganda oylik to‘lovni to‘liq amalga oshirgan O‘quvchiga “Hilal Edu MOCK” kitobi oylik to‘lov doirasida bepul beriladi.
- B2 darajasining o‘rtasidan, ya’ni 3-yunitdan keyin qo‘shilgan O‘quvchi “Hilal Edu MOCK” kitobi uchun 50 000 (ellik ming) so‘m qo‘shimcha to‘lov to‘laydi.
3-bonus. Gapirish (konuşma) darslari
- B1 darajasidan boshlab har hafta yakshanba kunlari yordamchi ustoz (assistent Hoca) bilan birgalikda bepul gapirish (konuşma) darslari o‘tkaziladi.
4-bonus. Qoldirilgan dars uchun video dars
- O‘quvchi darsga kelmagan kunidagi mavzuni o‘zlashtirib olishi uchun unga o‘z ustozining video darsi beriladi.
- Video dars faqat O‘quvchining shaxsiy foydalanishi uchun beriladi; uni uchinchi shaxslarga berish yoki tarqatish taqiqlanadi (Ofertaning 3.3.6-bandi).
Tanish taklif qilganlik uchun chegirma
- O‘quvchi ilgari “HILOL EDU”da umuman o‘qimagan tanishini olib kelsa va u to‘lovni amalga oshirib, o‘qishni boshlasa, O‘quvchiga 20 (yigirma) foizlik chegirma beriladi.
- Chegirma faqat 1 (bir) oy uchun beriladi.
Bonus va chegirmalar O‘quv markazi tomonidan Ofertaning 9.2-bandida belgilangan tartibda o‘zgartirilishi mumkin. O‘zgartirishlar ilgari berilgan bonuslarga ta’sir qilmaydi.